CS50 – Week 0

CS50 – Week 0

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيم

Garvard universiteti tomonidan taqdim etilgan o’sha mashhur kurs – CS50 kursini o’rganishni boshladim. O’rganish davomida o’rganganlarim, kerakli deb hisoblagan ma’lumotlarni sizlar bilan bo’lishib bormoqchiman. Ushbu kursda amerikalik professor David J.Malan tomonidan dasturlash tushunchalari, algoritmlar, ma’lumot tuzilmalari va umuman, kompyuterlar qanday paydo bo’lib, hozirgi holatga qanday kelib qolgan, barchasi aniq misollar bilan juda qiziqarli usulda tushuntirilgan.

Demak, boshladik!

Dasturlash

Dasturlash – bu kirish (input) ma’lumotini olib unga mos natija (output) yaratish, umuman olganda qandaydir mavjud muammoni yechish hisoblanadi.

Ikkilik sanoq sistemasi

Bugungi kunda kompyuterlar ikkilik (binary) deb ataladigan sanoq sistemasidan foydalanadi. Bit – ikkilik sanoq sistemasidagi raqamdir. Bir bit – o’chiq yoki yoniqlikni beradi.
Kompyuterlar faqat nol va birlar shaklida gaplashadi. Nol – o’chiqni, birlar esa yoniqlikni ifodalaydi. Kompyuterlarda millionlab, milliardlab shunday o’chiq yoki yoniq bo’lgan tranzistorlar ishlatilinadi.

Kompyuterlar raqamni ifodalash uchun sakkiz bit (bayt) dan foydalanadi. Masalan, 00000111 ikkilik sanoq sistemada 7 raqamini beradi. 11111111 esa 255 raqamini bildiradi.

ASCII (American Standard Code for Information Interchange)

Raqamlar birlar va nollar yordamida ikkilik sanoq sistemasida ifodalangani kabi, harflar ham bir va nol yordamida ifodalanadi! Raqamlar va harflarni ifodalovchi birlar va nollar o’rtasida o’xshashlik mavjudligi sababli, ASCII standarti yaratilingan.

Misol uchun, ushbu standartga ko’ra A harfi 65 raqami bilan belgilashga kelishilingan. Bu ikkilik sanoq sistemasida 01000001 ni ifodalaydi. Ikkilik sanoq tizimi bilan faqat 255 gacha hisoblash mumkinligi sababli ASCII bilan ifodalash mumkin bo’lgan belgilar soni cheklangan.

Unicode

Ikkilik sanoq tizimida odamlar tomonidan ifodalanishi mumkin bo’lgan barcha turli belgilarni ifodalash uchun raqamlar yetarli emasligi sababli, Unicode standarti kompyuterlar tomonidan uzatilishi va tushunilishi mumkin bo’lgan bitlar sonini kengaytirdi. Unicode nafaqat maxsus belgilarni, balki emojilarni ham o’z ichiga oladi.

Rangni ifodalash uchun ham nol va birlardan foydalanish mumkin.
RGB – qizil (red), yashil (green) va ko’k (blue) uchta raqamning kombinatsiyasidir.

Shuningdek, rasmlar oddiygina RGB qiymatlari to’plamidir.
Videolar esa ko’plab tasvirlar ketma-ketligidir.

Ushbu maqolada CS50x 2024 manbasidan foydalanilgan.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *